Get Mystery Box with random crypto!

3 dan 7 yoshgacha boʻlgan bolaning rivojlanish | 🌹🌸MSHBSH TA'RBIYASHILARI KANALI🌸

3 dan 7 yoshgacha boʻlgan bolaning rivojlanish
XARITASI


Bolaning rivojlanish xaritasini toʻldirish uchun uch sikldan iborat boʻlgan kuzatuv olib boriladi: dastlabki (oʻquv yili boshida), oraliq va yakuniy.
Dastlabki kuzatuv oʻquv yili boshida oʻtkaziladi (taxminan sentyabr oyi mobaynida). Bu bosqichda har bir bolaning boshlangʻich imkoniyatlari aniqlanadi, uning shu davrgacha erishgan yutuqlari belgilanadi. Tarbiyachi taʼlim sohalarini oʻzlashtirish boʻyicha mavjud boʻlgan muammolarga ham eʼtibor qaratadi, bolaning qanday sifatlari qoʻllab-quvvatlashni talab etishini, har bir bola uchun qanday vazifalar dolzarbligini aniqlaydi. Keyin bolaning ayni davrdagi yoshini hisobga olgan holda uning rivojlanish sohalari boʻyicha yutuqlari xaritasi toʻldiriladi.
Oraliq kuzatuv birinchi yarim yillik oxirida (dekabr, yanvar) oʻtkaziladi. Bu monitoringni oʻtkazishdan maqsad bolaga nisbatan tanlangan metodikaning toʻgʻriligini aniqlash, rivojlanish dinamikasini belgilashdan iborat. Mazkur kuzatuv natijalariga koʻra tarbiyachi, boshqa mutaxassislar bilan hamkorlikda, zarurat tugʻilgan holatlarda pedagogika jarayoniga tuzatishlar kiritishi mumkin. Oʻquv yili oxirida (odatda may oyida) tarbiyachi yakuniy kuzatuv oʻtkazadi. Mazkur kuzatuv asosida yil boshida qoʻyilgan vazifalar qanday hal qilingani baholanadi, mazkur bola rivojida kutilayotgan yangi natijalarni hisobga olgan holda keyingi pedagogik jarayondan koʻzda tutiladigan maqsadlar belgilanadi.
Kuzatuv oʻtkazishda quyidagi tamoyillarga tayanish lozim:
kuzatuv bola uchun odatiy sharoitda amalga oshiriladi va bolaga yordam berishga yoʻnaltirilgan boʻladi;
bola rivoji borasida yanada xolis tasavvur hosil qilish uchun kuzatuv kamida ikki hafta (yoki oy) mobaynida olib boriladi;
tarbiyachi bola toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ota-onalar yoki tashkilotning boshqa xodimlari bilan suhbatlar jarayonida olishi mumkin;
tarbiyachi bolaning moyilliklari, qiziqishlariga, uning muloqot qilish va bilim olish xususiyatlariga eʼtibor qaratishi lozim.
Oʻquv yili oxirida tarbiyachi yakuniy pedagogika kengashiga bolalar tomonidan oʻquv dasturi oʻzlashtirilishining sifat darajasi toʻgʻrisida hisobot yozadi va unda bolalar tomonidan tegishli natijalarga erishilmagan bandlar hamda ular nega bajarilmaganligi sabablariga toʻxtalib oʻtadi (baʼzi metodikalar oʻzlashtirilmagani, tarqatma materiallar, adabiyotlarning yetarli boʻlmagani, guruh texnika vositalari bilan yetarli darajada taʼminlanmagani, bolaning betob boʻlgani va darslarni oʻtkazib yuborgani, ota-onalarning faol boʻlmagani va h.k.). Ushbu natijalar asosida sabablarni bartaraf etish borasidagi ishlar rejalashtiriladi va mazkur guruh uchun kelasi yilga moʻljallangan vazifalar belgilanadi.
Keyinchalik pedagog (tarbiyachi) bola yutuqlari xaritasini yiliga kamida 3-marta toʻldiradi va erishilgan natijani tegishli belgi ( ) bilan belgilaydi. Kuzatuv rivojlanishning barcha sohalari boʻyicha olib boriladi. Agar u yoki bu bilim olish sohasida indikator “ishlamasa”, pedagog (tarbiyachi) daftar hoshiyalariga tegishli belgilar qoʻyishi lozim. Bu bola rivojlanishini kuzatish kundaligini yuritishda yordam beradi. Mazkur tashxis (diagnostika) asosida pedagog (tarbiyachi) ruhshunos (psixolog), logoped, jismoniy tarbiya boʻyicha yoʻriqchi va boshqalar bilan hamkorlikda bolaning yutuqlarini ajratadi, shuningdek, taʼlim sohalarini oʻzlashtirishning salbiy tomonlarini aniqlaydi. Olingan natijalarga mos ravishda taʼlim jarayoniga tuzatishlar kiritiladi, shuningdek, individual ish rejalashtiriladi va uni amalga oshirish borasidagi vazifalar belgilanadi. Oʻquv yili oxirida (odatda may oyida) ushbu xarita boʻyicha yakuniy kuzatuv oʻtkaziladi.
Bolalarning umumiy oʻrta taʼlim muassasasiga kirguniga qadar umumiy oʻrta taʼlimga bir yillik majburiy tayyorgarlik koʻrishi uchun javobgarlik ularning qonuniy vakillari zimmasiga yuklatiladi.


https://t.me/MTT_Bolalar_dunyosi
https://t.me/MTT_Bolalar_dunyosi